Viloyat hokimi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishdi
Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurib, olimlar, ilmiy xodimlar va yosh doktorantlar bilan uchrashdi (https://t.me/qashmatbuot/11649).
Muloqot davomida hudud iqlimiga mos, serhosil va kasalliklarga chidamli ekin navlarini yaratish, urug‘chilik tizimini takomillashtirish hamda suv tejovchi texnologiyalarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligini ilmiy yondashuv asosida rivojlantirishda olimlar hamda yosh izlanuvchilarning o‘rni muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, institut olimlari bilan hamkorlikda amaliy loyihalarni amalga oshirish, tomorqalardan samarali foydalanish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Tashrif davomida viloyat rahbari institut qoshida tashkil etilgan “Em gumi organic” mobil ishlab chiqarish majmuasi faoliyati bilan ham tanishdi. Biopreparatlarning tuproq unumdorligini oshirish va ekologik toza mahsulotlar yetishtirishdagi ahamiyati qayd etilib, majmua faoliyatini keng ommalashtirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.



